“INQILOB QUYOSHI” GAZETASI SAHIFALARIDA MAORIF VA XOTIN QIZLAR MASALASI: XORAZM IJTIMOIY ONGIDAGI BURILISHLAR
Keywords:
“Inqilob quyoshi” gazetasi; Xorazm; 1920-yillar; maorif; xotin-qizlar masalasi; publitsistika; sho‘ro davri; ijtimoiy ong; gender tengligi; xorijda ta’lim; jadidchilik merosi; modernizatsiya.Abstract
Ushbu maqolada XX asrning 20-yillari boshlarida Xorazm hududida nashr etilgan “Inqilob quyoshi” gazetasi materiallari asosida maorif va xotin-qizlar masalasining yoritilishi hamda bu mavzular orqali jamiyat ijtimoiy ongida yuz bergan burilishlar tahlil qilinadi. Tadqiqotda gazetaning 1920–1923-yillarga oid ayrim sonlaridagi publitsistik maqolalar, xususan, 1923-yil 19-apreldagi 64-sonda e’lon qilingan “O‘rta Osiyo yoshlarining xorij maorifi ila tanishuvi” hamda 1922-yil 21-oktabrdagi 23-sonda chop etilgan Xayrul Banat Saydashevaning “Xotun-qiz olamidan” nomli maqolalari manba sifatida tanlab olindi.
Maqola misolida Xorazmda maorifning orqada qolganligi, hukumatning iqtisodiy nochorligi, ilm-ma’rifatni “havo va suv kabi zarur” hayotiy ehtiyoj sifatida anglash darajasining pastligi tanqidiy ruhda yoritilgani ko‘rsatildi. Unda Turkiston va Buxoro hukumatlarining yuzlab yoshlarni Germaniya va Turkiyaga yuborib, davlat hisobidan ta’minlagani raqamlar bilan berilib, Xorazm bilan keskin tafovut ochib tashlanadi. Bu holat ta’limga sarmoya kiritish davlatning kelajagi bilan bevosita bog‘liqligi haqidagi yangi ijtimoiy qarashlar shakllanayotganidan dalolat beradi.
Xorazmda xotin-qizlar masalasining murakkabligi, sho‘ro hokimiyati sharoitida erkaklar uchun ochilgan imkoniyatlar fonida ayollarning hanuz ijtimoiy cheklovlar va huquqsizlik doirasida qolib ketganini yoritadi. Muallif ayollar nomidan so‘zlab, bilimli erkaklarning o‘z xotin-qizlarini o‘qitishga to‘sqinlik qilishi, huquqda teng ko‘rmasligi hamda “ziyolilik”ni faqat mansab emas, balki ayolning ongini oshirish mas’uliyati bilan o‘lchash lozimligini ilgari suradi. Shuningdek, ayollarning ta’lim olishi axloqqa zarar degan qarashlarni rad etib, ilmning ayol shaxsiyati va mas’uliyatini kuchaytirishini asoslaydi.
Umuman, “Inqilob quyoshi” gazetasi sahifalaridagi mazkur publitsistik materiallar Xorazm jamiyatida maorif va xotin-qizlar masalasi keskin ijtimoiy muammo sifatida kun tartibiga chiqqanini, an’anaviy bo‘ysunuvdan tanqidiy fikrlashga o‘tish, ilm-ma’rifatni taraqqiyot omili sifatida anglash hamda gender tengligi g‘oyalarining shakllanish jarayonini yorituvchi muhim tarixiy manba ekanini ko‘rsatadi.